Instagramni o'chirib, 3 kun ichida bekorchi bo'lib qoldim. Bo'shab qoldim deguncha o'z-o'zidan telefonimni olib, Instagramga kirar ekanman — buni birinchi kunda sezdim. Ilova yo'q, lekin qo'l odat bo'yicha uni izlaydi.
3 soat bo'shliq
Instagram kuniga o'rtacha 3 soat vaqtimni olardi. So'nggi vaqtlarda shunchaki kontent kuzatuvchiga aylanib qolgandim va «men nimani xato qilyapman» degan savollar miyada o'tirib qolgandi.
3 soat bo'shagach, shanba kuni ishlarni jamoaga topshirib, 1 oy oldin olgan kitobimni o'qishni boshladim. Yaxshi kitob ekan — fokus qaytdi.
Yangi g'oyalar ikki holatda keladi
Bilasizmi, insonda yangi g'oyalar qaysi holatda keladi? Ikki holatda: (1) juda qattiq qiyinchilik bo'lganda; (2) juda kuchli bekorchilik bo'lganda. Menda ikkinchisi bo'ldi — yangi g'oyalar keldi.
Kontent «iste'mol qilish» ijodni bo'g'adi; bo'shliq esa unga joy ochadi. Ba'zan eng yaxshi marketing g'oyasi ekrandan uzoqlashganda tug'iladi.
