Nega IT'da hali qo'llamaganmiz
Influencer marketing B2C'da kuchli ishlaydi — bizda bu yo'nalishda tajriba va tayyor bloger bazasi bor. Lekin IT va B2B mahsulotlarida vaziyat boshqacha.
Sabab auditoriyada. IT xizmatini sotib oladigan odam — kompaniya rahbari yoki texnik direktor. U qaror qabul qilganda blogerning tavsiyasiga emas, keysga, raqamga va hamkasbining fikriga qaraydi. Blogerning obunachilari orasida bunday odam juda kam bo'ladi — demak byudjetning katta qismi maqsadga tegmaydi.
Shuning uchun IT kompaniyalariga influencer o'rniga event, PR va ekspert kontentini tavsiya qilamiz: ular aynan shu auditoriyaga yetadi. Bozor o'zgarsa va IT'da influencer ishlay boshlasa — ishga solamiz. Hozircha yo'q deyish halolroq.
B2C loyihada qanday ishlaymiz
Agar mahsulotingiz keng auditoriyaga mo'ljallangan bo'lsa, jarayon shunday.
Avval blogerni nishaga moslik bo'yicha tanlaymiz — obunachi soniga qaramasdan. Keyin auditoriya sifatini tekshiramiz: faollik, izohlarning tabiiyligi, qamrovning obunachi soniga nisbati. Bu bosqichda ko'p «katta» bloger chiqib ketadi.
So'ng narx muzokarasi bo'ladi — real market-narx bazasi asosida, chunki bloger aytgan birinchi narx odatda yakuniy narx emas. Format maqsadga qarab tanlanadi: stories eng arzon va tez, post blogerning sahifasida qoladi, collab video eng ishonarli (bloger mahsulotni ishlatib ko'rsatadi), target videoga chiqish esa ko'pincha eng yaxshi narx-natija nisbatini beradi.
Ko'pincha bitta yirik bloger o'rniga 2–3 ta mos bloger yaxshiroq natija beradi: qamrov kengroq, xavf taqsimlanadi, narx pastroq.
Obunachisi ko'p bo'lsa yetadimi?
Yo'q, yetmaydi. Va bu eng qimmatga tushadigan xato.
500 ming obunachisi bor umumiy bloger 50 ming obunachisi bor nisha blogeridan kamroq mijoz keltirishi mumkin. Sabab oddiy: birinchisining auditoriyasi «hamma», ikkinchisiniki esa aynan sizning mahsulotingizga qiziqadigan odamlar.
Natijani qanday o'lchaymiz
Influencer marketingda pul ikki sababdan yo'qoladi: noto'g'ri bloger va o'lchov yo'qligi. Ikkinchisini uch mexanizm bilan hal qilamiz.
Har blogerga alohida promo-kod beriladi — kim nechta sotuv keltirgani aniq ko'rinadi. Havolalarga UTM belgilari qo'yiladi, shuning uchun trafik manbasi analitikada alohida ko'rinadi. Murojaat qilgan odam qaysi kanaldan kelgani esa CRM'da belgilanadi.
Natijada oy oxirida har bloger bo'yicha alohida raqam bo'ladi — qaysi biri ishladi, qaysi biri yo'q.
