AURA Digital
Go-to-Market

B2B event marketing: tadbir orqali mijoz jalb qilishning 6 qadami

Safarmurod AbduroziqovSafarmurod Abduroziqovkeys digest · 8 daq

Seminar, xakaton va forum orqali IT va ERP mahsulot sotish. 6 qadamlik tartib, qo'ng'iroq skripti va real raqamlar: $380 bilan 400 ishtirokchi.

B2B biznes forumiga kam budjet bilan qanday qilib yuzlab tadbirkorni jalb qilish mumkin? Xalqaro Odoo kompaniyasi va DeepVision bilan o'tkazilgan forumda $380 reklama ~500 ro'yxat berdi, kutilgan 250 kishi o'rniga esa ~400 tadbirkor keldi.

Keys raqamlari · Odoo Business Forum

Ishtirokchilar (reja: 250)~400
Ro'yxat~500
Reklama$380
Mijozdagi loyihalar6 oyga yetadigan loyihalar

B2B event marketing — seminar, xakaton va forum orqali biznes mijozlarni jalb qilish va ular bilan ishonch qurish usuli. U bir vaqtning o'zida PR, lid bazasi va jonli uchrashuv beradi. $10,000+ lik IT, ERP yoki SaaS mahsulot sotayotgan bo'lsangiz, bu eng kuchli instrumentlardan biri.

Lekin ko'pchilik tadbirni "zal ijarasi va chiroyli banner" deb tushunadi va bo'sh stullar bilan qoladi. Quyidagi 6 qadam bizning tadbirlarimizda ishlagan tartib. Natijasi: Odoo Biznes Forumida $380 reklama bilan kutilgan 250 o'rniga ~400 tadbirkor keldi.

Qisqacha:

  • Tadbir — oldingi kontent va ishonchning yig'indisi, bo'sh joydan boshlanmaydi.
  • Isbot tayyorlang: success story, raqamlar, mijozlar gapi.
  • Ro'yxatdan keyin har bir odamga qo'ng'iroq — tashrifni shu hal qiladi.
  • Tadbir voronkaning boshi, oxiri emas.

Mundarija

  1. Nima uchun B2B'da tadbir reklamadan kuchli?
  2. Qanday tadbir turlari bor?
  3. 6 qadam
  4. Raqamlarda
  5. Eng ko'p uchraydigan xatolar
  6. FAQ

Nima uchun B2B'da tadbir reklamadan kuchli?

Qimmat mahsulot sotib oladigan tadbirkor kompaniyani o'z ko'zi bilan ko'rishni xohlaydi. Tadbirda u sizni, jamoangizni, mijozlaringizni va natijalaringizni bir joyda ko'radi. Bunday ishonchni hech qanday reklama kreativi bera olmaydi.

DeepVision keysida birinchi qadam aynan seminar bo'lgan: 200+ lid → 126 qo'ng'iroq → 101 ishtirokchi. Shu seminar va keyingi tadbirlar natijasida kompaniya 9 oyda O'zbekistondagi birinchi Odoo Gold Partner bo'ldi.

Qanday tadbir turlari bor?

TurMaqsadKimga
SeminarSotuv va lid bazasiMijoz bo'lishi mumkin bo'lgan tadbirkorlar
XakatonXodim va hamkor jalb qilish, texnologiyani tanitishDasturchilar, integratorlar
Biznes forumReputatsiya, yirik mijozlar, katta cheklarTadbirkorlar, kompaniya egalari, hamkorlar
Podkast / onlayn efirEkspertlik va kontentKeng auditoriya

1-qadam: maqsadni aniqlang

Har bir tadbirning bitta asosiy maqsadi bo'lsin. DeepVision'da seminar sotuv uchun, PDP'dagi xakaton (200+ dasturchi) xodim va hamkorlar uchun, forum esa $100,000 lik cheklardan million dollarlik shartnomalarga o'tish uchun edi. Maqsad aniq bo'lmasa, auditoriya ham, taklif ham xiralashadi.

2-qadam: auditoriyani oldindan qizdiring

Tadbirdan oldin kamida 2–3 oy foydali kontent chiqaring: YouTube darsliklar, podkastlar, Reels. Issiq auditoriyada ro'yxat bir necha barobar arzonga tushadi. Sovuq auditoriyaga forum e'loni bilan chiqish — qimmat va sust yo'l.

Tushunishingiz uchun: forum reklamasiga atigi $380 ketdi, chunki unga qadar 9 oy davomida kontent, seminarlar va xakaton orqali baza yig'ilgan edi.

3-qadam: isbot tayyorlang

Tadbirda "ishonchli kompaniya" degan gap emas, dalillar gapirishi kerak: mijozlar gapi, success story videolar, raqamlar. Forumdan oldin biz 3 oy davomida viloyatlarda Odoo joriy qilingan korxonalarda hujjatli filmlar oldik: qaysi jarayonlar avtomatlashtirilgani va biznesga nima bergani.

Agar tadbirni xalqaro vendor yoki hamkor bilan birga o'tkaza olsangiz — bu eng kuchli isbot. Odoo forumida biz marketing bo'yicha xalqaro Odoo jamoasi bilan to'g'ridan-to'g'ri ishladik.

4-qadam: ro'yxatni target bilan tezlashtiring

Oddiy telefonda olingan video va aniq taklif yetarli. Kreativ uchun Amerika ochish shart emas — muhimi, to'g'ri auditoriyaga to'g'ri va'da: "Forumda nimani o'rganasiz va kimlar bilan tanishasiz".

Ro'yxat formasiga 3–5 ta savol qo'ying: ism, kompaniya, lavozim, soha. Bu keyingi qo'ng'iroq va tadbirdan keyingi sotuv uchun kerak bo'ladi.

5-qadam: har bir ro'yxatga qo'ng'iroq qiling

Juda ko'pchilik shu yerda xato qiladi: ro'yxat yig'adi va tadbir kuni kim kelsa keladi deb kutadi. Natija — zalning yarmi bo'sh.

Aslida to'g'ri yo'l — ro'yxatdan keyin tasdiqlash qo'ng'irog'i va tadbirdan bir kun oldin eslatma:

«Assalomu alaykum, siz ertangi forumga ro'yxatdan o'tgan ekansiz. Joyingizni band qilib qo'ydik, sizni kutamiz. Kela olasizmi?»

Odamda "meni kutishyapti" degan his paydo bo'ladi va tashrif keskin oshadi. DeepVision seminarida 126 tasdiqdan 101 kishi keldi.

6-qadam: tadbirdan keyingi ishni rejalang

Kelgan har bir ishtirokchi bilan qayta aloqa, uchrashuv va tijorat taklifi. Sotuvlar tadbir kuni emas, keyingi haftalarda yopiladi. Buning uchun tadbirdan oldin sotuv jamoasi tayyor bo'lishi kerak. Qanday qilib — B2B sotuv voronkasi maqolasida.

Forumdan keyin mijozimiz shunday degan edi:

«Menda 6 oyga yetadigan loyihalarim bor, 6 oy davomida menga target va reklama shart emas, buyog'iga ulgurmayman.»

Raqamlarda

TadbirNatija
Seminar (2025-may)200+ lid → 126 qo'ng'iroq → 101 ishtirokchi
Xakaton (PDP)200+ dasturchi
Biznes Forum (2026-yanvar, xalqaro Odoo bilan)$380 reklama → ~500 ro'yxat → ~400 ishtirokchi (reja: 250)

Eng ko'p uchraydigan xatolar

  1. Sovuq auditoriyaga to'g'ridan-to'g'ri tadbir e'loni. Qimmat va kam natija.
  2. Qo'ng'iroqsiz ro'yxat. Tashrif 30–40% atrofida qoladi.
  3. Tadbirda sotishga urinish. Tadbir ishonch uchun, sotuv — keyingi uchrashuvda.
  4. Tadbirdan keyin jimlik. Ishtirokchilar bazasi bilan ishlamaslik — eng qimmat xato.

Xulosa

Xullas, tadbirni bir martalik aksiya emas, tizimning bir qismi qiling:

  1. Maqsad — bitta va aniq.
  2. Auditoriya — oldindan qizdirilgan.
  3. Isbot — success story va raqamlar.
  4. Reklama — oddiy video va aniq va'da.
  5. Qo'ng'iroq — har bir ro'yxatga.
  6. Keyingi ish — uchrashuv va KP.

Shunda tadbir o'zi sotuv mashinasiga aylanadi.

Muallif haqida. Safarmurod Abduroziqov — AURA Digital asoschisi. 2 ta seminar, 3 ta xakaton va xalqaro Odoo bilan biznes forum marketingini yuritgan. Telegram · LinkedIn

Safarmurod Abduroziqov — marketing tilida coffee'lashamiz.

Ko'p beriladigan savollar

B2B event marketing nima?

Seminar, forum, xakaton kabi tadbirlar orqali biznes mijozlarni jalb qilish va ular bilan ishonch qurish usuli. U PR, lid bazasi va jonli uchrashuvni bir vaqtda beradi va qimmat IT/ERP mahsulotlarda ayniqsa samarali.

Biznes forumga ishtirokchi jalb qilish qancha turadi?

Auditoriya issiqligiga bog'liq. Odoo Biznes Forumida $380 reklama bilan ~500 kishi ro'yxatdan o'tdi, chunki baza oldindan kontent orqali qizdirilgan edi.

Ro'yxatdan o'tganlarning qanchasi keladi?

Qo'ng'iroq qilinsa — ko'pchiligi. DeepVision seminarida 126 tasdiqdan 101 kishi keldi, forumda kutilgan 250 o'rniga ~400 kishi keldi.

Tadbirga qancha oldin tayyorlanish kerak?

Katta forum uchun kamida 3 oy, kichik seminar uchun 3–4 hafta.

Tadbirdan keyin nima qilish kerak?

Har bir ishtirokchi bilan qayta aloqa, uchrashuv va tijorat taklifi. Sotuvlar keyingi haftalarda yopiladi.

Shu mavzu biznesingizga tegishlimi?

1 kunda hozirgi voronkangizni audit qilib aniq action plan beramiz.

Bog'lanish
Bepul konsultatsiya