AURA Digital
Sotuv tizimi

Telefonda sotmang: B2B sotuv voronkasi 5 bosqichda — Traffic → Lead → MQL → SQL → POS

Safarmurod AbduroziqovSafarmurod Abduroziqovkeys digest · 9 daq

Telefonda sotmang! IT mahsulot va B2B xizmat sotuvi 5 bosqichda: lid, MQL, SQL va sotuv nuqtasi. Skriptlar va real keyslar bilan.

B2B SaaS mahsulotni qancha vaqtda va qancha budjet bilan sotish mumkin? Parking24 keysida birinchi oyda $1,200 reklama bilan 3 ta sotuv — jami $150,000, 3 oy yakunida esa $3,240 bilan 15 ta B2B sotuv bo'ldi. O'rtacha chek — $50,000.

Keys raqamlari · Parking24

1-oy: reklama$1,200
1-oy: sotuvlar3 ta
1-oy: sotuv hajmi$150,000
3 oy (jami): sotuvlar15 ta

B2B sotuv voronkasi — bu reklamani ko'rgan odamni shartnomagacha olib boradigan beshta bosqich: Traffic, Lead, MQL, SQL va POS. IT mahsulot yoki $10,000+ lik xizmat sotayotgan bo'lsangiz, har bir bosqichning o'z vazifasi bor. Bittasini o'tkazib yuborsangiz, pul ham, lid ham yo'qoladi.

Juda ko'pchilik B2B'ni B2C kabi sotadi: reklama → qo'ng'iroq → telefonda narx. Natija — "o'ylab ko'raman" va jimjitlik. Maqolani oxirigacha o'qisangiz, xalqaro tajriba va 50+ loyihadagi o'z keyslarimiz asosida qurilgan to'g'ri tartibni, qo'ng'iroq skriptlarini va real raqamlarni bilasiz.

Qisqacha:

  • Lidni darhol MQL qilib oling — 8–10 savollik filtrli forma bilan.
  • Telefonda sotmang — bepul audit yoki uchrashuv belgilang.
  • Uchrashuvda muammoni oching — narxni mijoz o'zi so'rashi kerak.
  • Narxni oraliq bilan bering, aniq summa — tijorat taklifida (KP).
  • Natijani reklama budjeti emas, voronkadagi jarayon belgilaydi.

Mundarija

  1. B2B sotuvi B2C'dan nimasi bilan farq qiladi?
  2. Traffic nima?
  3. Lead nima va uni qanday MQL qilish kerak?
  4. MQL nima?
  5. Qo'ng'iroqda nima deyish kerak?
  6. SQL nima?
  7. POS nima?
  8. Voronka amalda: real raqamlar
  9. Eng ko'p uchraydigan 5 xato
  10. FAQ

B2B sotuvi B2C'dan nimasi bilan farq qiladi?

B2B'da qarorni ko'pincha bir nechta kishi qabul qiladi, chek katta va sotuv sikli haftalab davom etadi. B2C'da odam $20 lik mahsulotni bir bosishda sotib oladi. B2B'da $50,000 lik ERP uchun esa u sizni tanishi, ishonishi va o'z muammosiga yechim ko'rishi kerak.

Shuning uchun B2B voronkaning asosiy vazifasi — arzon lid yig'ish emas, to'g'ri odamni to'g'ri uchrashuvga olib kelish.

Traffic nima?

Traffic — reklamani ko'rib, ariza qoldirishga yo'naltirilgan auditoriya. B2B'da trafik hajmi emas, sifati muhim: ERP yoki SaaS sotayotgan bo'lsangiz, sizga millionta ko'rish emas, to'g'ri qaror qabul qiluvchilar kerak.

Trafik manbalari: Meta (Instagram, Facebook), Telegram, LinkedIn, Google, Yandex, shuningdek tadbirlar va kontent. Qaysi biri ishlashini oldindan taxmin qilmang — test qiling. Bizning yondashuvimiz oddiy: varonkani raqam tanlaydi.

Lead nima va uni qanday MQL qilish kerak?

Lead — reklamadan ma'lumot olib, lid forma yoki sayt orqali ariza qoldirgan inson. Biz odatda lidni "oddiy lid" emas, darhol MQL qilib olamiz. Buning uchun maxsus sayt va unga ulangan 8–10 savollik lid forma ishlatamiz.

Bu forma lid narxini kamida 2 barobardan 5 barobargacha oshiradi. Ha, qimmatroq. Lekin ariza qoldirgan odam allaqachon filtrdan o'tgan bo'ladi: kim ekani, biznesi qanday, muammosi nima — hammasi ma'lum. Oxirida CAC (Customer Acquisition Cost — bitta mijozni jalb qilish narxi) hisoblaganingizda aynan shu voronka arzonga tushadi.

Qiziq tomoni, to'g'ri nishada filtr lidni umuman qimmatlashtirmasligi mumkin. Loome keysida 10 bosqichli filtrdan keyin ham ariza $0.16 dan, MQL esa $0.41 dan tushdi — biz $10–15 prognoz qilgan edik.

Formaga qanday savollar qo'yiladi? Biznes turi, lavozim, xodimlar soni yoki aylanma, hozirgi yechim, asosiy muammo, qaror muddati. Muhimi — savollar mijozni saralasin, lekin qiyin bo'lmasin.

MQL nima?

MQL (Marketing Qualified Lead) — sizni taniydigan, qaysi reklama orqali ariza qoldirganini biladigan va muammosiga yechim sizda borligini tushungan lid. U hali xaridor emas, lekin suhbatga tayyor.

Oddiy lid bilan farqi: oddiy lidga qo'ng'iroq qilsangiz, "qaysi reklama? men ariza qoldirmaganman" degan javobni eshitishingiz mumkin. MQL esa sizni kutib turgan bo'ladi.

Qo'ng'iroqda nima deyish kerak?

MQL'ga qo'ng'iroqdan maqsad sotish emas, uchrashuv belgilash. Juda ko'pchilik shu yerda xato qiladi: telefonda hamma ma'lumotni beradi va oddiy ma'lumot beruvchi pozitsiyasiga tushib qoladi. Sotishga qancha urinsangiz, pozitsiyangiz shuncha pasayadi.

Aslida to'g'ri yo'l — mijozni maksimal eshitish, kompaniyasidagi muammolar haqida ma'lumot olish va oflayn suhbat belgilash. Skript taxminan shunday:

«Bizda bu holatlar uchun yechimlar bor. Xohlasangiz, sizga bepul audit qilib beramiz: muammolarni birga ko'rib chiqamiz va qanday yechim qilish mumkinligini to'liq tushuntiramiz.»

Telefonda narx so'rashsa ham, aniq summa aytmang: "Narx sizning holatingizga bog'liq, auditda aniq aytamiz" — bu yetarli.

SQL nima?

SQL (Sales Qualified Lead) — audit yoki konsultatsiya uchun uchrashuvga kelgan MQL. Sotuv aynan shu uchrashuvda hal bo'ladi.

Uchrashuvda sizning vazifangiz — muammoni to'g'ri aniqlash va yechim ko'rsatish. Buni to'g'ri qilsangiz, narxni mijozning o'zi so'raydi. Agar u narx haqida savol bermasa — uchrashuvni yutqazdingiz.

Narx so'ralganda aniq summa emas, oraliq beriladi:

«Bizda bu ishlar uchun narx taxminan 15–20 ming dollar atrofida chiqadi, tijorat taklifida aniq summani ko'rsatamiz.»

Nega oraliq? Chunki aniq summa bu bosqichda muzokarani yopib qo'yadi, oraliq esa keyingi uchrashuvga asos bo'ladi.

POS nima?

POS (Point of Sale) — sotuv nuqtasi. Narx masalasida alohida uchrashuv qilib, tijorat taklifi (KP) bilan borasiz: shartlar, talablar, ishlash tartibi va muddatlar kelishiladi. Keyingisi — shartnoma.

KP'da faqat narx emas, mijoz uchrashuvda aytgan muammolar va ularning yechimi bo'lishi kerak. Shunda KP "narxlar ro'yxati" emas, "sizning muammongiz uchun reja" bo'lib ko'rinadi.

Voronka amalda: real raqamlar

KeysNatija
Parking241-oyda $1,200 reklama → 3 ta sotuv × $50,000 va ~$1 mln lik KP pipeline; 3 oyda $3,240 → 15 ta sotuv
LoomeAriza $0.16, MQL $0.41, 10+ sotuv
Celion$2,378 → 4 davlatdan 460 lid; Dubay shartnomasi $186,000

Bu raqamlarning umumiy tomoni: reklama budjeti kichik, lekin har bir liddan keyingi jarayon — filtr, qo'ng'iroq, audit, narx oralig'i, KP — to'liq ishlagan. Zanjirning bitta halqasi uzilsa, reklama shunchaki "yoqilgan pul" bo'lib qoladi.

Eng ko'p uchraydigan 5 xato

  1. Arzon lid quvish. $0.50 lik 100 ta liddan ko'ra $3 lik 30 ta MQL foydaliroq.
  2. Telefonda sotish. Pozitsiya pasayadi, mijoz "o'ylab ko'raman" deydi.
  3. Lidga kech qo'ng'iroq qilish. Ariza qoldirilgan kuni qo'ng'iroq qilinmasa, lid soviydi.
  4. Uchrashuvda gapirib, eshitmaslik. Muammoni aniqlamasdan taqdimot qilish — narx so'ralmasligining asosiy sababi.
  5. CRM'siz ishlash. Qaysi bosqichda lid yo'qolayotganini ko'rmasangiz, tuzatib ham bo'lmaydi.

Xulosa

Xullas, B2B sotuv voronkasini to'g'ri qurish uchun:

  1. Lidni filtrli forma bilan darhol MQL qiling.
  2. Qo'ng'iroqdan maqsad — bepul audit yoki uchrashuv.
  3. Uchrashuvda muammoni oching, narxni mijoz so'rasin.
  4. Narxni oraliq bilan bering, aniq summani KP'da.
  5. Har bir bosqichni CRM'da o'lchang.

Kechiksangiz, voronkasi to'g'ri ishlaydigan raqobatchi sizning lidlaringizni o'zining mijoziga aylantiradi.

Muallif haqida. Safarmurod Abduroziqov — AURA Digital asoschisi va rahbari. 6 yillik marketing tajribasi, 50+ IT loyiha, ~$1 mln boshqarilgan reklama budjeti. Telegram · LinkedIn

Safarmurod Abduroziqov — marketing tilida coffee'lashamiz.

Ko'p beriladigan savollar

MQL va SQL farqi nimada?

MQL — sizni taniydigan va yechim sizda borligini biladigan lid. SQL — audit yoki konsultatsiya uchrashuviga kelgan MQL. MQL marketing bosqichiga, SQL sotuv bosqichiga tegishli. Sotuv natijasi SQL bosqichidagi uchrashuv sifatiga bog'liq.

B2B'da telefonda narx aytish kerakmi?

Yo'q. Telefonda maqsad — uchrashuv yoki bepul audit belgilash. Narx uchrashuvda, muammo aniqlangach, oraliq sifatida beriladi ("15–20 ming dollar atrofida"). Aniq summa esa tijorat taklifida ko'rsatiladi.

Lid forma nechta savoldan iborat bo'lishi kerak?

B2B uchun 8–10 savol. Bu lid narxini 2–5 barobar oshiradi, lekin ariza qoldirganlar sifatli bo'ladi va CAC pasayadi. To'g'ri nishada filtr lidni qimmatlashtirmasligi ham mumkin: Loome'da ariza $0.16 dan tushgan.

B2B'da birinchi sotuv qancha vaqtda bo'ladi?

Voronka to'g'ri qurilsa, birinchi oyda. Parking24'da birinchi oyda 3 ta sotuv yopildi va CRM'da ~$1 mln lik tijorat takliflari paydo bo'ldi.

Qaysi bosqichda eng ko'p xato qilinadi?

Qo'ng'iroq bosqichida — telefonda sotishga urinish. Bu pozitsiyani pasaytiradi va mijozni "o'ylab ko'raman" holatiga olib keladi.

Shu mavzu biznesingizga tegishlimi?

1 kunda hozirgi voronkangizni audit qilib aniq action plan beramiz.

Bog'lanish
Bepul konsultatsiya