B2B qo'ng'iroq skriptining yagona maqsadi — uchrashuv yoki bepul audit belgilash. Telefonda sotishga urinish, narx aytish va mahsulotni to'liq tushuntirish pozitsiyangizni pasaytiradi.
Juda ko'pchilik shu yerda xato qiladi. Operator 15 daqiqa gapiradi, barcha funksiyalarni sanaydi, oxirida narxni aytadi. Mijoz "rahmat, o'ylab ko'raman" deydi. Va siz uni boshqa eshitmaysiz.
Qisqacha:
- Qo'ng'iroqdan maqsad — uchrashuv.
- Ko'proq eshiting, kamroq gapiring.
- Narx so'ralsa — "holatingizga bog'liq, uchrashuvda aniq aytamiz".
- Ariza tushgan kuni qo'ng'iroq qiling.
Nega telefonda sotib bo'lmaydi?
$10,000 lik ERP yoki $50,000 lik tizim telefonda sotilmaydi. Mijoz sizni ko'rmagan, muammosini to'liq aytmagan, ishonch yo'q.
Telefonda hamma ma'lumotni bersangiz, siz "ma'lumot beruvchi" pozitsiyasiga tushasiz. Mijoz ma'lumotni oladi va raqobatchilar bilan solishtirishga ketadi. Sotishga qancha urinsangiz, pozitsiyangiz shuncha pasayadi.
Skript qanday tuziladi?
To'rt qadam yetarli.
1. Kirish va eslatma.
"Assalomu alaykum, [ism]. Men [kompaniya]dan, siz [mavzu] bo'yicha ariza qoldirgan ekansiz. Ikki daqiqa gaplasha olamizmi?"
2. Savollar. Formadagi javoblarga tayaning:
"Formada hozir jarayonni Excel'da yuritishingizni yozibsiz. Eng ko'p qayerda qiynalyapsiz?"
3. Taklif.
"Bizda bu holatlar uchun yechimlar bor. Xohlasangiz, bepul audit qilib beramiz: muammolarni birga ko'rib chiqamiz va qanday yechim qilish mumkinligini to'liq tushuntiramiz."
4. Aniq vaqt.
"Sizga payshanba soat 11:00 yoki juma 15:00 qulaymi?"
Ikki variant bering. "Qachon qulay?" degan ochiq savol uchrashuvni kechiktiradi.
Narx so'rashsa nima deyish kerak?
Bu eng ko'p beriladigan savol. Javob:
"Narx sizning holatingizga bog'liq — qancha modul, qancha xodim, qanday integratsiya. Auditda hammasini ko'rib, aniq aytamiz."
Agar mijoz qattiq tursa, juda keng oraliq ayting va yana uchrashuvga qayting. Aniq summa uchrashuvdan keyin, tijorat taklifida beriladi.
Qo'ng'iroq qachon qilinadi?
Ariza tushgan kuni. Imkon bo'lsa, birinchi soatda. Odam hali sizning reklamangizni eslaydi va muammosi haqida o'ylayapti.
Kechiktirilgan lid soviydi. Ertasi kuni u allaqachon raqobatchingiz bilan gaplashgan bo'lishi mumkin.
Skript qanday yaxshilanadi?
Qo'ng'iroqlarni yozib oling va haftada bir marta tinglang. Qaysi joyda mijoz uchrashuvga rozi bo'ldi, qaysi joyda chiqib ketdi — shu yerdan skript o'zgaradi.
Biz loyihalarda qo'ng'iroqlarni AI yordamida ham tahlil qilamiz: qaysi savollar ko'p takrorlanadi, qaysi e'tirozlar uchrashuvni buzadi.
Tadbirlar uchun ham shu tamoyil ishlaydi. DeepVision seminarida call center 126 kishiga qo'ng'iroq qildi va 101 kishi keldi. Batafsil: B2B event marketing.
Xulosa
Xullas, yaxshi qo'ng'iroq qisqa va bitta maqsadli bo'ladi.
- Arizani eslating.
- 2–3 savol bilan muammoni oching.
- Bepul audit taklif qiling.
- Ikki aniq vaqt bering.
- Narxni uchrashuvga qoldiring.
Sotuv skriptlaringizni birga ko'rib chiqamiz — konsultatsiyaga yozilish.
Muallif haqida. Safarmurod Abduroziqov — AURA Digital asoschisi va rahbari. 6 yillik marketing tajribasi, 50+ IT loyiha, ~$1 mln boshqarilgan reklama budjeti. Telegram · LinkedIn
Ko'p beriladigan savollar
B2B qo'ng'iroq necha daqiqa davom etishi kerak?
Odatda 3–5 daqiqa. Maqsad — muammoni qisqa aniqlash va uchrashuv belgilash, mahsulotni to'liq tushuntirish emas.
Mijoz "WhatsApp'ga narx tashlang" desa nima qilish kerak?
Narx holatga bog'liqligini tushuntiring va qisqa audit taklif qiling. Narx ro'yxati yuborilsa, suhbat odatda shu yerda tugaydi.
Qo'ng'iroqni kim qilishi kerak — operator yoki sotuvchi?
Birinchi qo'ng'iroqni operator qiladi, uchrashuvni sotuvchi yoki asoschi o'tkazadi. Bu sotuvchining vaqtini tejaydi.
Mijoz telefonni ko'tarmasa-chi?
Shu kuni yana 1–2 marta urinib ko'ring va qisqa xabar qoldiring. Arizadan keyingi birinchi kun eng muhim.
